Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini sabab qilib joriy etilgan sanksiyalar muddatini ilk bor bir yilga uzaytirdi. Bu qaror Bryusselda bo'lib o'tgan Yevropa Ittifoqi sammitida qabul qilindi.
Shu vaqtga qadar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyaga qarshi cheklovlarni har olti oyda uzaytirib kelar edi. Bu safar sanksiyalar muddatini bir yilgacha uzaytirishga Vengriya tomonidan veto qo'yilmagani imkon yaratdi.
Avvalroq Vengriyaning sobiq Bosh vaziri Viktor Orban mazkur tashabbusni muntazam ravishda to'sib kelgan edi. Biroq may oyida lavozimga kirishgan mamlakatning yangi Bosh vaziri Peter Mag'yor sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytirishni qo'llab-quvvatladi.
Sammitda qabul qilingan Rossiya–Ukraina urushi bo'yicha deklaratsiyani Yevropa Ittifoqining barcha 27 a'zo davlati ma'qulladi. Bu esa 2024 yil dekabridan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Ilgarigi holatlarda mazkur hujjatning qabul qilinishiga ham Viktor Orban qarshi chiqqan edi.
Deklaratsiyada Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish va mamlakat harbiy iqtisodiyotini zaiflashtirish siyosatini davom ettirishi qayd etilgan. Bryussel bu orqali Moskvani mazmunli tinchlik muzokaralariga jalb qilishni maqsad qilmoqda.
Ayni paytda Rossiyaga qarshi tayyorlanayotgan 21-paket sanksiyalar mazmuni va qabul qilinishi sanasi hozircha ochiqlanmagan. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma'lumotlarga ko'ra, yangi paket doirasida Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan Rossiya harbiylarining Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlanishi, shuningdek, Rus pravoslav cherkovi rahbari Patriarx Kirillga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilishi mumkin.






