O'zbekistonda qo'shilgan qiymat solig'ini hisoblash va to'lashning soddalashtirilgan tartibiga o'tish bo'yicha tadbirkorlardan kelib tushgan arizalarning asosiy qismi ma'qullandi. Bu haqda Soliq qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, tadbirkorlik subyektlaridan mazkur tartibga o'tish bo'yicha jami 5 601 ta xabarnoma kelib tushgan.
O'rganishlar yakunlariga ko'ra, ularning 4 913 tasi qabul qilingan. Shu bilan birga, 352 ta xabarnoma belgilangan talablarga javob bermagani sababli rad etilgan. Yana 336 ta xabarnoma esa tadbirkorlarning o'zi tomonidan shaxsiy kabinet orqali bekor qilingan.
Soliq qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, arizasi rad etilgan tadbirkorlar asosiy faoliyat turini aniqlashtirib, biriktirilgan soliq inspektoriga murojaat qilgan holda xabarnomani qayta topshirishi mumkin.
Eslatib o'tish joiz, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko'rsatish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qo'shilgan qiymat solig'ini hisoblash va to'lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash imkoniyati berilgan.
Ushbu tartibga ko'ra, QQS stavkasi tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo'yicha barcha aylanmalar uchun 6 foiz etib belgilanadi. Bunda sotib olingan tovar va xizmatlar bo'yicha to'langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.
Shuningdek, QQS bo'yicha amaldagi imtiyozlar va preferensiyalar, soliqning bir qismini qaytarish tartibi qo'llanilmaydi hamda mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi.
Mazkur tartibdan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo'lgan korxonalar hamda yirik soliq to'lovchilar foydalana olmaydi. Tadbirkorlar tizimga o'tish uchun "my.soliq.uz" platformasidagi shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuborishi lozim.






