Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan keyin “Opta” analitika kompaniyasi superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etayotgan jamoalarning imkoniyatlarini qayta hisoblab chiqdi. Bu haqda kompaniya ma'lumotlarida keltirilgan.
Yangilangan prognozga ko'ra, O'zbekiston milliy terma jamoasining o'z guruhida birinchi o'rinni egallash ehtimoli 0,99 foizni tashkil etmoqda. Jamoaning pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati esa 21,9 foiz deb baholangan.
Superkompyuter hisob-kitoblariga ko'ra, O'zbekistonning 1/16 finalga chiqish ehtimoli ham 21,9 foizni tashkil etadi. Terma jamoaning nimchorak finalga yo'l olish imkoniyati 4,55 foiz, chorak finalga chiqish ehtimoli 1,26 foiz deb ko'rsatilgan.
Shuningdek, O'zbekistonning yarim finalga chiqish imkoniyati 0,33 foiz, finalga yetib borish ehtimoli 0,08 foiz etib baholangan. Jamoaning jahon chempioni bo'lish ehtimoli esa 0,01 foizni tashkil qilmoqda.
“Opta” prognozlariga ko'ra, hozircha Fransiya terma jamoasi turnirning asosiy favoriti bo'lib turibdi. Superkompyuter tomonidan o'tkazilgan 10 mingta simulyatsiyaning 15,73 foizida fransuzlar chempion sifatida qayd etilgan.
Chempionlik uchun asosiy da'vogarlar ro'yxatidan Angliya va Argentina ham o'rin olgan. Angliyaning chempionlik ehtimoli 12,33 foiz, amaldagi jahon chempioni Argentinaga esa 12,28 foiz imkoniyat berilgan.
Ma'lumot uchun, turnir boshlanishidan oldin Ispaniya bosh favorit sifatida baholangan edi. Biroq birinchi turdagi mag'lubiyatdan keyin ispanlarning chempionlik ehtimoli 12,08 foizga tushib, ular reytingda to'rtinchi o'ringa pasaygan.






