Soliq qo‘mitasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, ayrim ommaviy axborot vositalarida hujjat mazmuni noto‘g‘ri talqin qilinib, tashabbus jismoniy shaxslarning omonatlari ustidan qo‘shimcha nazorat o‘rnatish sifatida ko‘rsatilmoqda. Aslida esa loyiha banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvining yagona tartibini belgilashga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, “Bank-soliq” axborot almashinuvi maxsus moduli ishlab chiqiladi. Shuningdek, agar jismoniy shaxsning bitta bank kartasiga bir oy davomida boshqa jismoniy shaxslar kartalari yoki elektron hamyonlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushsa, bank bu haqda soliq organlarini xabardor qilishi nazarda tutilgan. Hozirgi kunda ushbu summa 206 million so‘mni tashkil etadi.
Soliq qo‘mitasi ta’kidlashicha, mazkur hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi va fuqarolarning hisobvaraqlariga erkin kirish imkonini yaratmaydi. Banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda taqdim etadi.
Qayd etilishicha, bunday vakolatlar amaldagi qonunchilikda allaqachon mavjud. Xususan, Soliq kodeksining 134-moddasiga muvofiq, banklar hisobvaraq yoki omonat ochilgani, yopilgani yoki rekvizitlari o‘zgargani haqidagi ma’lumotlarni uch kun ichida soliq organlariga elektron shaklda yuborishi shart.
Shuningdek, “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, soliq solish masalalari bo‘yicha bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi mumkin. Bunda olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi va ularni oshkor etish yoki uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.
Soliq qo‘mitasi xalqaro amaliyotda ham shunday mexanizmlar qo‘llanilishini ta’kidlab, O‘zbekiston Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forum a’zosi sifatida mazkur sohada aniq va shaffof qoidalarni joriy etishi lozimligini qayd etdi.






