Bugun, 24 iyun kuni soat 21:07 da O‘zbekiston hududida zilzila qayd etildi. Bu haqda Respublika Seysmoprognozik monitoring markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yer silkinishining magnitudasi 4 ni tashkil etgan. Zilzila o‘chog‘i 13 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Zilzilaning episentri Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahri hududida bo‘lib, Toshkent shahridan 251 kilometr janubi-sharqda qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yer silkinishi Farg‘ona viloyati hududida 3–4 ball, Andijon viloyatida esa 2 ball kuch bilan sezilgan.
Qayd etilishicha, zilzila manbai Farg‘ona viloyatidan 14 kilometr, Andijon viloyatidan esa 63 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Hozircha zilzila oqibatida jabrlanganlar yoki vayrongarchiliklar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.






