AsosiyDUNYO

BMT: Dunyoda 258 million bola mojarolar sabab ta'limdan mahrum

Hujjatga ko‘ra, ushbu bolalarning 93 million nafari umuman maktabga bormaydi.

'BMT: Dunyoda 258 million bola mojarolar sabab ta'limdan mahrum'ning rasmi

Dunyo bo'ylab maktab yoshidagi 258 million nafar bola va o'smir qurrolli mojarolar hamda gumanitar inqirozlar tufayli to'liq ta'lim olish imkoniyatidan mahrum bo'lmoqda. Bu haqda BMTning inqiroz sharoitida ta'limni qo'llab-quvvatlashga ixtisoslashgan "Education Cannot Wait" jamg'armasining yangi hisobotida qayd etildi.

Hujjatga ko'ra, ushbu bolalarning 93 million nafari umuman maktabga bormaydi. Eng og'ir vaziyat esa atigi 20 ta davlat hissasiga to'g'ri keladi. Maktabdan chetda qolgan bolalarning qariyb 80 foizi aynan shu mamlakatlarda yashaydi.

Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, muammo faqat ta'lim muassasasiga bormaslik bilan cheklanmaydi. Inqiroz hukm surayotgan hududlarda ko'plab bolalar o'qish, yozish va hisoblash kabi eng asosiy ko'nikmalarni ham o'zlashtira olmayapti. Bu esa boshlang'ich sinflardanoq bilimdagi bo'shliqlarni kuchaytirib, keyinchalik o'qishni butunlay tark etish xavfini oshirmoqda.

Eng katta ta'lim yo'qotishlari qurolli mojarolar davom etayotgan davlatlarda kuzatilmoqda. Bunday mamlakatlarda oltinchi sinfga kelib o'quvchilarning atigi 30 foizi yoshiga mos o'qish savodxonligi darajasiga erisha oladi. Ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz kuzatilayotgan davlatlarda bu ko'rsatkich 47 foizni, tabiiy ofatlardan jabrlangan mamlakatlarda esa 63 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislar fikricha, ta'lim inqirozi yil sayin chuqurlashib bormoqda. Uning oqibatlari esa barcha uchun bir xil emas. Bolaning qayerda yashashi, majburiy ko'chirilgan shaxs ekani, nogironligi mavjudligi yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga mansubligi uning ta'lim olish imkoniyatiga bevosita ta'sir ko'rsatmoqda.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, muammoni hal qilish uchun bolalarni faqat maktabga qaytarishning o'zi kifoya qilmaydi. Ular sifatli ta'lim olishi, bilimni o'zlashtirishi va keyingi bosqichlarga muvaffaqiyatli o'ta olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda.

    Boshqa yangiliklar