AsosiyDUNYO

Turkiya AQShni magʻlub etdi, ammo Jahon chempionati bilan xayrlashdi

Endi AQSh terma jamoasi 2 iyul kuni 1/16 final bosqichida Kaliforniya shtatining Santa-Klara shahrida Bosniya va Gersegovina terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

'Turkiya AQShni magʻlub etdi, ammo Jahon chempionati bilan xayrlashdi'ning rasmi

Bugun, 26 iyun kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining "D" guruhida so‘nggi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Turkiya milliy terma jamoasi AQShni 3:2 hisobida mag‘lub etganiga qaramay, musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘llanma ololmadi.

Bellashuv AQShning Kaliforniya shtatidagi Inglvud shahrida joylashgan "SoFi" stadionida bo‘lib o‘tdi.

Turkiya terma jamoasi tarkibida Arda Güler 10-daqiqada, Barish Alper Yilmaz 31-daqiqada va Kaan Ayhan uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning sakkizinchi daqiqasida gol urdi. AQSh safida esa Oston Trasti 3-daqiqada, Sebastyan Berhalter esa 49-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Ushbu g‘alabaga qaramay, turklar 3 ochko bilan guruhda to‘rtinchi, ya’ni so‘nggi o‘rinni egallab, mundialni tark etdi.

"D" guruhida AQSh 6 ochko bilan birinchi o‘rinni saqlab qoldi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Avstraliya 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Xuddi shuncha ochko to‘plagan Paragvay esa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha uchinchi pog‘onadan joy oldi. Uning keyingi bosqichga chiqish taqdiri boshqa guruhlardagi natijalarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Endi AQSh terma jamoasi 2 iyul kuni 1/16 final bosqichida Kaliforniya shtatining Santa-Klara shahrida Bosniya va Gersegovina terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Avstraliya esa pley-offda "G" guruhida ikkinchi o‘rinni egallaydigan jamoaga qarshi bahs olib boradi. Mazkur guruhda Misr, Eron, Belgiya va Yangi Zelandiya terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashmoqda.

Ma’lumot uchun, Avstraliya milliy terma jamoasi o‘z tarixida uchinchi marta Jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqdi. Jamoa bundan avval 2006 va 2022 yilgi mundiallarda ham mazkur bosqichda ishtirok etgan edi.

    Boshqa yangiliklar