Venesuelada yuz bergan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 235 nafarga yetdi. Kamida 4 ming 300 kishi turli darajada jarohat olgan. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Venesuela Sog‘liqni saqlash vaziri Karlos Alvarado davlat televideniyesiga bergan bayonotida, shifoxonalarda hozirga qadar 235 nafar halok bo‘lgan fuqaro qayd etilganini ma’lum qildi.
Rasmiylar qurbonlar va jabrlanganlar soni yanada ortishi mumkinligini bildirmoqda. Chunki minglab odamlar hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Ma’lum qilinishicha, zilzila silkinishlari hatto Braziliyaning Amazonka hududigacha sezilgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSh Moliya vazirligi 25 iyun kuni Venesuelaga nisbatan amal qilayotgan ayrim sanksiyalar 23 oktyabrga qadar vaqtincha yumshatilishini e’lon qildi.
Eng katta talafot Venesuelaning shimolidagi La-Guayra sohil hududiga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda mamlakatning asosiy xalqaro havo darvozasi — Simon Bolivar nomidagi Mayketiya xalqaro aeroporti joylashgan bo‘lib, terminal tomining bir qismi qulab tushgani sababli barcha aviaqatnovlar to‘xtatilgan.
Poytaxt Karakasda yashovchi Dayana Delgado mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida: "Men faqat farzandim qayerdaligini bilmoqchiman. U vayronalar ostidami yoki boshpanadami?" deya o‘z iztirobini bildirgan.
Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodrigesning ma’lum qilishicha, poytaxtning ayrim hududlarida elektr energiyasi va mobil aloqa uzilgan, metro harakati to‘xtatilgan, tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha o‘chirilgan. Shuningdek, maktablarda darslar bir necha kunga bekor qilingan. Ayrim ta’lim muassasalari vaqtinchalik boshpana va gumanitar yordam tarqatish markazlariga aylantirilmoqda.
Rodriges vayron bo‘lgan shifoxonalar va turar joylarni qayta tiklash uchun 200 million dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etilganini ham ma’lum qildi.
Meksika, Qatar, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya va Kanada Venesuelaga qutqaruvchilar, tibbiy vositalar, suv tozalash uskunalari, kinologlar, dronlar va boshqa gumanitar yordam yuborishini e’lon qildi. Ayrim yordam yuklari allaqachon mamlakatga yo‘lga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni kechqurun Venesuelada orasi 39 soniya bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofatdan so‘ng mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilgan.






