AsosiyDUNYO

Anomal issiq Fransiyada o‘limlar sonini keskin oshirdi

Parijda anomal issiq fonida bir sutkada 109 kishi vafot etdi.

'Anomal issiq Fransiyada o‘limlar sonini keskin oshirdi'ning rasmi

Fransiya poytaxti Parijda anomal issiq tufayli bir sutka ichida 109 ta o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Franceinfo tez tibbiy yordam xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 iyun kuni poytaxtda havo harorati qariyb +39 darajaga yetgan. Shu kuni qayd etilgan o‘limlar soni yilning shu davri uchun odatiy kunlik ko‘rsatkich — 7 nafardan bir necha barobar yuqori bo‘lgan.

Statistikaga faqat tez yordam xodimlari tomonidan uylar va jamoat joylarida qayd etilgan o‘lim holatlari kiritilgan. Shifoxonalarda sodir bo‘lgan o‘limlar ushbu hisobotga qo‘shilmagan. Shuningdek, mazkur davrda tez yordam xizmatiga 3,4 mingga yaqin chaqiruv kelib tushgan.

"Family Obsèques" dafn marosimlari byurosi direktori Fabyen Yuge so‘zlariga ko‘ra, anomal issiq oqibatida Parijdagi morglar to‘lib ketgan.

Qayd etilishicha, 23 va 24 iyun kunlari Fransiya meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq kunlar sifatida qayd etildi. So‘nggi bir hafta ichida mamlakat bo‘ylab 40 dan ortiq kishi cho‘kib ketgan, shuningdek, issiq to‘lqini fonida qariyb 1000 ta ortiqcha o‘lim holati ro‘yxatga olingan. Vafot etganlarning asosiy qismi 65 yoshdan oshganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Rasmiylar qariyalar uylari va shifoxonalardan qo‘shimcha ma’lumotlar kelishi bilan ushbu raqam yanada oshishi mumkinligini bildirmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Anomal issiq Fransiyada o‘limlar sonini keskin oshirdi - Darakchi.uz