Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan ziplayn attraksionida fuqaro harakat vaqtida o'rta yo'lda to'xtab qoldi. Hodisa 27 iyun kuni Omonxona mahallasi hududida sodir bo'lgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, attraksion texnik jihatdan to'liq foydalanishga tayyor holga keltirilmagan. Shuningdek, u davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan va ishlatish uchun zarur ruxsatnoma ham rasmiylashtirilmagan.
Mutaxassislar qayd etishicha, dor yo'lining po'lat arqonlari texnik me'yorlar bo'yicha yetarli darajada tarang tortilmagani, shuningdek, qiyalik burchagi talabga javob bermagani sababli fuqaro yo'lning o'rta qismida muallaq holda qolgan.
Attraksion xodimlari uni xavfsiz tarzda pastga tushirgan. Hodisa oqibatida fuqaro jarohat olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo'mitasi tomonidan tekshiruv o'tkazilmoqda.






