Saudiya Arabistonining sharqida joylashgan Ras Tannura shahrida mamlakatning davlat neft kompaniyasi — "Saudi Aramco"ga tegishli vertolyot halokatga uchradi. Oqibatda bortda bo‘lgan 14 kishining barchasi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi ma’lumotiga tayanib, TASS xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia 28 iyun kuni Ras Tannura hududida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning barchasi Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan.
"Saudi Aramco"ga tegishli vertolyot Ras Tannurada halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortdagi 14 kishining barchasi halok bo‘ldi, deyiladi Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi bayonotida.
Qayd etilishicha, ayni paytda vakolatli idoralar aviahalokat sabablarini aniqlash yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.
Ras Tannura Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan mamlakatning muhim sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda "Saudi Aramco"ning yirik neftni qayta ishlash majmuasi hamda dunyodagi eng yirik dengiz orqali neft yuklash terminallaridan biri joylashgan.






