AsosiyJAMIYAT

Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar yuz minglab dollarni qo‘lga kiritgan

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar yuz minglab dollarni qo‘lga kiritgan'ning rasmi

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilib, fuqarolarning yirik miqdordagi pullarini firibgarlik yo'li bilan o'zlashtirgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Hazorasp tumani bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro D.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqarolar B.Y. hamda Sh.O'.ni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga jo'natishni va'da qilgan. Ular shu tariqa jabrlanuvchilardan 15 ming 500 AQSH dollarini firibgarlik yo'li bilan olgan. Tergov davomida mazkur mablag'ning 1 ming 500 AQSH dollari protsessual tartibda qaytarilgan.

Tekshiruvlar chog'ida ushbu shaxslar yana 17 nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun topshiriladigan imtihondan o'tkazib berishni va'da qilib, ulardan jami 159 ming 500 AQSH dollarini firibgarlik yo'li bilan qo'lga kiritgani ham aniqlangan.

Shuningdek, yana bir holatda fuqaro X.X. K.A.ga Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun topshiriladigan imtihonni ijobiy hal qilib berishni va'da qilib, undan 10 ming AQSH dollarini olgani ma'lum bo'lgan. Mazkur mablag' ham protsessual tartibda to'liq qaytarilgan.

    Boshqa yangiliklar