Shimoliy Koreya hukumati Pxenyan shahrida o'tkazilgan yirik avtomobil ko'rgazmasidan nafaqat savdo maydonchasi, balki mamlakatdagi boy qatlam va xususiy tadbirkorlarning moliyaviy imkoniyatlarini o'rganish vositasi sifatida ham foydalanmoqda. Bu haqda Daily NK nashri mamlakat poytaxtidagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko'ra, iyun oyi o'rtalarida chiqarilgan maxsus ko'rsatmaga muvofiq, KXDR Ijtimoiy xavfsizlik vazirligiga avtomobil ko'rgazma-savdosini tashkil etishda to'liq ko'maklashish hamda tadbir doirasida xaridorlarning shaxsi va moliyaviy manbalarini yashirin tarzda o'rganish vazifasi yuklangan.
Nashrning yozishicha, ko'rgazma ikki davlat savdo kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Ulardan biri Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga, ikkinchisi esa Milliy razvedka agentligiga qarashli. Mazkur idora mamlakatning ichki xavfsizligi va kontrrazvedkasi uchun mas'ul bo'lish bilan birga, davlatga valyuta tushumini ta'minlaydigan savdo tarmoqlarini ham nazorat qiladi.
Xabarga ko'ra, iyul oyida boshlanishi rejalashtirilgan avtomobil savdolari oldidan Pxenyanning Xvason tumani xavfsizlik xizmatiga avtosalon atrofida qo'shimcha nazorat o'rnatish, bo'lajak xaridorlarni kuzatish hamda ularning mablag'lari kelib chiqishini aniqlash bo'yicha ko'rsatma berilgan. Rasmiylar xaridlarga katta qiziqish bo'lishini hisobga olgan holda kuzatuv choralarini oldindan kuchaytirgan.
Shu bilan birga, xavfsizlik idoralari xodimlari o'rtasida norozilik kayfiyati ham kuzatilayotgani aytilmoqda. Ular davlat tashkil etgan pul yig'ish tadbirida faqat tartib saqlovchi vazifasini bajarayotganidan norozi. Ayrimlar esa nazorat jarayonida norasmiy to'lovlar yoki pora orqali daromad qilish imkoniyati paydo bo'lishidan umid qilmoqda.
Manbaning ta'kidlashicha, mamlakatda shakllanayotgan xususiy tadbirkorlar va badavlat savdogarlar qatlami — "tonchju"lar — o'z mablag'larining aksar qismi norasmiy iqtisodiyot orqali to'plangani sababli avtomobil xarid qilishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ular yirik xarid ortidan davlat idoralari pullarining manbasi bilan qiziqishidan xavfsiramoqda.
Nashr qayd etishicha, mazkur ko'rgazmaning asosiy maqsadi faqat avtomobil sotish emas. Rasmiylar shu yo'l bilan boy aholi qo'lidagi xorijiy valyutani iqtisodiyotga jalb qilish, shuningdek, avval norasmiy tarzda shakllangan avtomobil savdosi bozorini davlat nazoratiga o'tkazishni ko'zlamoqda.
Avtomobil ko'rgazmasi joriy yilning 19–28 iyun kunlari Pxenyan shahrining Xvason tumanida o'tkazilgan. Unda Xitoyda ishlab chiqarilgan Zeekr 7X elektromobili, shuningdek, yangi va foydalanilgan lyuks toifasidagi avtomobillar namoyish etilgan. Oldindan buyurtmalar ko'rgazmaning o'zida qabul qilingan bo'lib, savdolarni iyul oyida boshlash rejalashtirilgan.
Milliy razvedka agentligiga qarashli savdo kompaniyalari yangi va foydalanilgan hashamatli avtomobillarning navbatdagi partiyasini mamlakat hududiga kiritib bo'lgan.
Manba ma'lum qilishicha, iyul oyidan boshlab Pxenyanda, ayniqsa Xvason tumanida avtomobil ehtiyot qismlari savdosi va ta'mirlash xizmatlari bozori ham jadal rivojlana boshlashi kutilmoqda.
Daily NK ta'kidlashicha, kundalik ehtiyojlarini qondirishga ham qiynalayotgan oddiy shimoliy koreyaliklar uchun o'n minglab dollar turadigan avtomobillar namoyish etilgan ushbu avtosalon mutlaqo yetib bo'lmas hashamat hisoblanadi.






