O‘zbekistonda quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolarga joriy yilning aprel va may oylari uchun ajratilgan subsidiya mablag‘larini to‘lash boshlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning aprel–may oylarida “Quyoshli xonadon” dasturida ishtirok etgan 60 ming 193 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga yetkazib berilgan 156 million 125 ming 388 kilovatt-soat quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan jami 156 milliard 125 million so‘m subsidiya oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, subsidiya mablag‘larining eng katta qismi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi. Mazkur hududda fuqarolarga 29,1 milliard so‘m ajratilgan. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati — 27,1 milliard so‘m va Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 19,1 milliard so‘m bilan qayd etilgan.
Fuqarolar subsidiya mablag‘larini “Soliq” mobil ilovasidagi “Keshbek va imtiyozlar” xizmati tarkibida joylashgan “Quyoshli xonadon” bo‘limi orqali “Kartaga pul o‘tkazish” funksiyasidan foydalanib, o‘z bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin.






