Portugaliyada ekstremal issiq ob-havo tufayli favqulodda holat e'lon qilindi. Mamlakatning markaziy hududlarida havo harorati kunduzi 44 darajagacha ko'tarilishi kutilmoqda.
Portugaliya Dengiz va atmosfera instituti ma'lumotiga ko'ra, mamlakatning materik qismidagi 18 ta okrugdan 12 tasida eng yuqori – "qizil" xavf darajasi joriy etilgan. Bunga bir necha kun davom etishi kutilayotgan kuchli issiqlik to'lqini sabab bo'lgan.
Qayd etilishicha, issiqlik to'lqini kamida olti kun davom etadi. Eng yuqori harorat mamlakatning markaziy qismida kuzatilishi prognoz qilingan. Xususan, Alenteju mintaqasida kunduzi havo harorati 44 darajagacha, kechasi esa 28 darajagacha ko'tarilishi mumkin.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, odatda sohil hududlarini salqinlashtiruvchi dengiz shabadasi bu safar ichki hududlarga etib bormaydi yoki juda zaif bo'ladi. Bu esa bir necha kun davomida yuqori harorat saqlanib qolishiga olib keladi. Bunday holat ayrim hududlar uchun kamdan-kam hodisa sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, Portugaliya Dengiz va atmosfera instituti ultrabinafsha nurlanish indeksi 11 darajagacha, ya'ni o'ta xavfli ko'rsatkichga etishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.
Shifokorlar esa mahalliy hokimiyatlarni aholining, ayniqsa, yoshi ulug'lar, bolalar va surunkali kasalligi bor fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash uchun zudlik bilan konditsioner tizimlari bilan jihozlangan salqinlashtirish markazlarini ochishga chaqirdi. Ushbu markazlarda aholi eng issiq vaqtlarni xavfsiz sharoitda o'tkazishi, zarur hollarda tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam olishi mumkin.
Sinoptiklar ma'lumotiga ko'ra, 2021 yilgacha Portugaliyada bir yil davomida o'rtacha bir-uch marta issiqlik to'lqini kuzatilgan bo'lsa, 2022 yildan buyon ularning soni olti-sakkiztagacha etgan. Shuningdek, issiqlik to'lqinlari avvalgiga nisbatan uzoqroq davom etayotgani, kuchaygani hamda an'anaviy yoz mavsumi tashqarisida ham tez-tez kuzatilayotgani qayd etilgan.






