AsosiyDUNYO

Venesuelada vayronalar ostida sakkiz kun qolgan erkak tirik qutqarildi.

Qutqaruvdan so‘ng Ernan Gil shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlar uning ahvoli barqaror ekani, hushi joyida bo‘lib, barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorda ekanini ma’lum qilgan.

'Venesuelada vayronalar ostida sakkiz kun qolgan erkak tirik qutqarildi.'ning rasmi

Venesuelaning La-Guayra shahrida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan sakkiz kun o‘tib, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan erkakni tirik holda olib chiqdi. Mahalliy hokimiyat va xalqaro qutqaruv guruhlari ushbu amaliyotni "mo‘jizaviy qutqaruv" deb baholamoqda.

Ma’lum qilinishicha, savdo markazida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan 43 yoshli Ernan Gil qulab tushgan avtoturargoh konstruksiyalari ostida taxminan to‘qqiz metr chuqurlikda qolib ketgan. Uni qidirish va xavfsiz tarzda olib chiqish bo‘yicha operatsiya 70 soatdan ortiq davom etgan.

Qutqaruvchilar radar tizimlari, ovozni aniqlovchi maxsus uskunalar hamda kameralar yordamida Ernan Gilning tirik ekanini aniqlagan. Shundan so‘ng tor bo‘shliq orqali unga suv, oziq-ovqat va zarur dori-darmonlar yetkazib turilgan.

Qutqaruv ishlarida Venesuela, Chili, Kosta-Rika hamda boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etgan. Operatsiya binodagi konstruksiyalar istalgan vaqtda qulab tushishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli sharoitda amalga oshirilgan.

Qutqaruvdan so‘ng Ernan Gil shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlar uning ahvoli barqaror ekani, hushi joyida bo‘lib, barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorda ekanini ma’lum qilgan.

"Yaxshiyamki, janob Ernan tez yordam avtomashinasiga olib chiqilishi bilan ahvoli barqarorlashdi. U shifoxonaga olib ketilayotganda hushida edi va atrofidagi vaziyatni yaxshi anglab turardi. Hozirda uning barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorda", degan qutqaruv ishlarida qatnashgan Venesuela Qizil Xoch feldsheri Luis Rodriges.

Erkakning rafiqasi Gusvimar Gonsalesning aytishicha, oila a’zolari sakkiz kun davomida uning tirik qolishiga bo‘lgan umidni yo‘qotmagan. Qutqaruv haqidagi xabar esa ularga yana bir bor ishonch bag‘ishlagan.

BMTning Tabiiy ofatlarni baholash va muvofiqlashtirish guruhi vakili Sebastyan Mokorker bunday holatlar juda kam uchrashini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zilziladan keyingi dastlabki 72 soat tirik qolganlarni topish uchun «oltin vaqt» hisoblanadi. Ushbu muddatdan keyin omon qolish ehtimoli keskin pasayadi.

Venesuela hukumati qidiruv-qutqaruv ishlari hali ham davom etayotganini ma’lum qildi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilalar oqibatida kamida 2 ming 295 kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana tirik qolganlarni izlashda davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar