5 iyul kuni soat 21:15 atrofida Toshkent shahri Shayxontohur tumani Beshqo‘rg‘och ko‘chasida joylashgan ikki qavatli do‘konning ikkinchi qavatida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, yong‘in haqidagi chaqiriqdan so‘ng qutqaruv-yong‘in o‘chirish ekipajlari qisqa vaqt ichida — soat 21:24 da voqea joyiga yetib borgan. Olov tezkorlik bilan qurshab olinib, soat 21:34 da to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida do‘konning ikkinchi qavati ichki qismi taxminan 80 kvadrat metr maydonda yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






