AsosiyJAMIYAT

70 ming noyob eksponat xavf ostida

Yozuvchi Prezidentga ochiq murojaat bilan chiqdi.

'70 ming noyob eksponat xavf ostida'ning rasmi

Yozuvchi Shukur Jabbor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat yo‘llab, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi taqdiriga e’tibor qaratish va uni saqlab qolishni so‘radi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Murojaatda aytilishicha, muzey amalda foydalanib kelgan binosidan ko‘chirilmoqda. Biroq hozirgacha muassasa uchun yangi bino ajratilmagan. Muzey eksponatlarining bir qismi esa vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markazining yerto‘lasiga joylashtirilgan.

Shukur Jabborning ta’kidlashicha, muzey 1968 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Bu esa unda saqlanayotgan qariyb 70 ming noyob eksponatning xavf ostida qolishiga sabab bo‘lgan. Uning fikricha, muzeyning mavjud binodan ko‘chirilishi mazkur xavfni yanada kuchaytirmoqda.

Qayd etilishicha, muzey fondida qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, nodir nashrlar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, shuningdek, yuzlab o‘zbek shoir va yozuvchilarining hayoti hamda ijodiga oid eksponatlar saqlanadi.

Jumladan, muzey ekspozitsiyalarida Amir Temur va temuriylar davri, Alisher Navoiy hayoti va ijodi, "Xamsa" qo‘lyozmalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, tarixiy xaritalar, haykallar va boshqa noyob yodgorliklar o‘rin olgan. Shuningdek, Abdurahmon Jomiy, Hofiz, Nizomiy Ganjaviy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Zebunniso, Turdi, Nodira, Uvaysiy va Mahzunaga oid qo‘lyozmalar ham muzey fondida saqlanadi.

Muzeyda, shuningdek, XX asr va mustaqillik davri o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham mavjud bo‘lib, ularda 200 dan ortiq o‘zbek shoir va yozuvchisining hayoti va ijodi aks ettirilgan.

Murojaatida Shukur Jabbor Prezidentning 2026 yil 1 iyunda qabul qilingan "Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonini eslab o‘tar ekan, ushbu hujjatda belgilangan vazifalar Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyini ham asrab qolishga xizmat qilishiga umid bildirgan.

Yozuvchi murojaati yakunida jamoatchilikni ham muzeyni saqlab qolish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Ayni paytda murojaatda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul davlat organlari tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagan.

    Boshqa yangiliklar

    70 ming noyob eksponat xavf ostida - Darakchi.uz