AsosiyDUNYO

Shri-Lanka qamoqxonasidagi qonli to‘qnashuvda kamida 25 kishi halok bo‘ldi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.

'Shri-Lanka qamoqxonasidagi qonli to‘qnashuvda kamida 25 kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahri yaqinida joylashgan Negombo qamoqxonasida mahbuslar o‘rtasida yuz bergan qonli to‘qnashuvlar oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq odam turli darajada jarohat oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar 5 iyul kuni boshlangan bo‘lib, 6 iyul kuni ham davom etgan. Halok bo‘lganlar orasida mahbuslar bilan bir qatorda qamoqxona xodimlari ham bor.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro sud hukmi chiqqan mahkumlar hamda tergov ostida saqlanayotgan shaxslar o‘rtasida kelib chiqqan. Biroq to‘qnashuvga nima sabab bo‘lgani hozircha rasman ochiqlanmagan.

Hodisa oqibatida 100 dan ortiq jabrlanuvchi yaqin atrofdagi davlat shifoxonasiga yetkazilgan. Ularning holati va olgan jarohatlari xususida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.

Ma’lumot uchun, Shri-Lanka qamoqxonalarida mahbuslar soni muassasalar sig‘imidan bir necha barobar yuqori. Mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari taxminan 10 ming nafar mahkumga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda ularda 39 mingdan ortiq kishi saqlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar