Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi qurilish obyektlaridan birida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 25 yoshli ishchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Olmos mahallasi hududida joylashgan qurilish maydonida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan 25 yoshli ishchini ish jarayonida beton plita bosib qolgan.
Guvohlarning aytishicha, hodisadan so‘ng Favqulodda vaziyatlar xizmatiga xabar berilgan. Voqea joyiga qutqaruvchilar hamda tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan. Jabrlanuvchi maxsus kran yordamida beton orasidan chiqarib olingan.
Yashnobod tumani tez tibbiy yordam bo‘limi rahbari Sanjar Qodirovning ma’lum qilishicha, 3 iyul kuni qurilish obyektidan kelib tushgan chaqiriqqa asosan tibbiy brigada zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan. Biroq shifokorlar 25 yoshli erkakning og‘ir tan jarohatlari oqibatida voqea joyining o‘zida vafot etganini qayd etgan.






