Xitoyning janubi-sharqida joylashgan Futszyan viloyatidagi poyabzal fabrikasida yuz bergan yirik yongʻin oqibatida kamida 28 kishi halok boʻldi. Bu haqda mamlakatning "Sinhua" axborot agentligi xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, fojia 9 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida Futszyan viloyatining Szinszyan shahrida joylashgan "Huiteng" poyabzal ishlab chiqarish korxonasida sodir boʻlgan. Yongʻin koʻp qavatli ishlab chiqarish binosini qisqa vaqt ichida qamrab olgan va oqibatda bir guruh ishchilar tomda qolib ketgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yongʻin vaqtida fabrika ichida 239 nafar xodim boʻlgan. Ularning 213 nafari xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shifoxonaga yotqizilgan ikki nafar jabrlanuvchi keyinchalik vafot etgan. Ilgari bedarak deb hisoblangan yana 26 kishining jasadi qutqaruv ishlari davomida topilgan.
Xabarda aytilishicha, Xitoy raisi Si Szinpin hodisadan soʻng zudlik bilan keng koʻlamli qutqaruv ishlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan. U soʻnggi oylarda mamlakatda ishlab chiqarish korxonalarida sodir boʻlgan bir qator halokatli baxtsiz hodisalarni eslatar ekan, mazkur yongʻin ham katta yoʻqotishlarga sabab boʻlganini taʼkidlagan va aybdorlarni qonun doirasida qatʼiy javobgarlikka tortishni talab qilgan.
Dastlabki tekshiruvlar yongʻin fabrikaning birinchi qavatida boshlanganini koʻrsatmoqda. Mutasaddilarning bildirishicha, poyabzal ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan xomashyo va materiallarning yuqori darajada yonuvchanligi tufayli alanga juda tez tarqalgan.
Shuningdek, CCTV telekanali maʼlumotiga koʻra, korxonada saqlangan yopishtiruvchi moddalar va boshqa kimyoviy vositalar oʻtkir hid tarqatib, qutqaruvchilarning ishini murakkablashtirgan. Bundan tashqari, zinapoyalarda turli buyumlarning toʻplanib qolgani evakuatsiya va yongʻinni bartaraf etish ishlariga jiddiy toʻsqinlik qilgan.
Hozirda kompaniya rahbarlari hamda boshqa masʼul shaxslar qoʻlga olingan. Korxonaning bank hisobraqamlari muzlatilgan va hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Maʼlumot uchun, Szinszyan shahri Xitoyning eng yirik poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqarish markazlaridan biri hisoblanadi. U koʻpincha mamlakatning "poyabzal poytaxti" sifatida tilga olinadi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, shahardagi minglab korxonalar 2024 yilda 1,2 milliard juftdan ortiq poyabzal ishlab chiqargan boʻlib, bu jahon umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb 20 foiziga toʻgʻri kelgan.






