AsosiyDUNYO

AQSh Eronga yangi zarbalar berganini ma'lum qildi, Tehron esa Hormuz bo'g'ozini yopdi

Eron Hormuz bo‘g‘azi "keyingi ko‘rsatmaga qadar" yopilganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQShning "tajovuzkor harakatlari"ga keskin javob qaytarilishini bildirdi.

'AQSh Eronga yangi zarbalar berganini ma'lum qildi, Tehron esa Hormuz bo'g'ozini yopdi'ning rasmi

AQSh Eron tomonidan Humuz bo'g'ozi orqali harakatlanayotgan kemaga zarba berilganidan so'ng Eron hududlariga yangi zarbalar yo'llaganini ma'lum qildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

 Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (IIQK) davlat ommaviy axborot vositalari orqali Humuz bo'g'ozi "keyingi ko'rsatmaga qadar" yopilganini ma'lum qildi. Shuningdek, AQShning "tajovuzkor harakatlari"ga keskin javob qaytarilishini bildirdi.

AQSh zarbalaridan bir necha soat o'tib, IIQK Iordaniyadagi AQSh harbiy bazasiga hujum uyushtirilganini aytdi. Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt va Bahrayn Eron tomonidan uchirilgan raketa hamda dronlarga qarshi chora ko'rayotganini ma'lum qildi.

Voqealar hafta boshida uchta tijorat tankeriga hujum qilinganidan keyin yana keskinlashgan. Shundan so'ng AQSh va Eron o'rtasida o'zaro zarbalar almashinuvi boshlangan.

AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) ma'lum qilishicha, Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi Humuz bo'g'ozida Kipr bayrog'i ostida harakatlangan kemani "ochiqdan-ochiq hujum qilgani"dan keyin ushbu haftada uchinchi marta zarba berilgan.

Ma'lum qilinishicha, MV GFS Galaxy kemasi muhandislik qismiga jiddiy zarar yetgani sababli harakatini davom ettira olmagan. Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro ekipaj a'zosi bedarak yo'qolgan.

CENTCOM ma'lumotiga ko'ra, AQSh zarbalari natijasida Eronning 140 ta harbiy obyekti, jumladan raketa va dron bazalari, aloqa tarmoqlari hamda sohil kuzatuv nuqtalari nishonga olingan.

Buyuk Britaniyaning Dengiz savdosi operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) esa kema ekipaji harbiylar ko'rsatmasiga ko'ra kemani tark etib, qutqaruv qayig'iga o'tganini bildirgan.

AQSh Markaziy qo'mondonligi bayonotida Eronga avvalgi tijoriy kemalarga qilingan hujumlar uchun javobgarlik masalasida kelishuvga amal qilish imkoniyati berilgani, ammo Tehron bu talablarni bajarmagani ta'kidlangan.

Bayonot AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset tomonidan ham tarqatildi. U "Eron noto'g'ri qaror qabul qildi. Endi buning oqibatlarini to'laydi", deb yozgan.

IIQK esa AQSh zarbalari Eronning janubiy sohilidagi bir qator harbiy bazalar va telekommunikatsiya minoralariga qaratilganini bildirdi.

Eron o'z navbatida javob zarbalarining birinchi bosqichi Iordaniyadagi Prins Hasan havo bazasiga qarshi amalga oshirilganini ma'lum qildi. Tehron bazaning boshqaruv markazi va MQ-9 dronlari joylashgan hangarlar yo'q qilinganini iddao qildi.

Avvalroq Eron davlat OAVlari IIQK Humuz bo'g'ozini yopish haqida qaror qabul qilganini xabar qilgan edi. Bunga sabab sifatida ruxsat etilmagan yo'nalishda harakatlangan kemaga dengiz qanotli raketasi bilan zarba berilgani keltirilgan.

IIQK ma'lum qilishicha, kema bir necha bor berilgan ogohlantirishlarga quloq solmagani uchun unga ogohlantiruvchi o'qlar uzatilgan va harakatdan to'xtatilgan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G'olibof esa AQSh bilan muzokaralar bo'yicha bosh vakil sifatida ijtimoiy tarmoqda "bir tomonlama kelishuvlar davri tugadi", deb yozgan.

    Boshqa yangiliklar