AsosiyDUNYO

NASA Marsda yashashni sinab ko'rish uchun ko'ngillilar qidirmoqda

AQSh kosmik agentligi Oy va Marsni tadqiq qilish dasturi doirasida 4 nafar ishtirokchini qidiryapti.

'NASA Marsda yashashni sinab ko'rish uchun ko'ngillilar qidirmoqda'ning rasmi

Boshqa sayyorada hayot kechirishga inson qanchalik tayyor ekanini aniqlash uchun NASA yangi tajriba o'tkazmoqda. AQSh kosmik agentligi Oy va Marsni tadqiq qilish dasturi doirasida 4 nafar ishtirokchini qidiryapti.

Bir yil davom etadigan ushbu loyiha haqiqiy kosmik parvoz emas, ammo unda ishtirokchilar astronavtlar hayotiga yaqin sharoitda yashaydi. Ular yopiq muhitda bo'lib, ekin yetishtirish, sog'liq holatini kuzatish, shuningdek, ochiq kosmosga chiqish mashqlariga o'xshash vazifalarni bajaradi.

Tajriba 2027 yil avgustidan boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha AQShning Xyuston shahridagi Lyndon B. Johnson Space Center bazasida o'tkaziladi.

NASA ma'lum qilishicha, tadqiqot kelajakdagi uzoq muddatli kosmik missiyalarda, jumladan Marsga parvoz jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xavflarni o'rganish va kamaytirishga yordam beradi.

Ishtirokchilar Mars vaqtiga moslashish jarayonini ham sinovdan o'tkazadi. Marsdagi bir sutka Yerdagidan taxminan 40 daqiqa uzoqroq bo'lib, bu inson uyqusi va salomatligiga ta'sir qilishi mumkin.

Dasturda qatnashish uchun nomzodlar AQSh fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo'lishi, 30–55 yosh oralig'ida bo'lishi, ingliz tilini yaxshi bilishi va ma'lum bir soha bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lishi kerak. Muhandislik, biologiya, fizika va matematika yo'nalishidagi mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Ishtirokchilar 14 oylik tayyorgarlik va tajriba jarayonidan o'tadi. Shundan 12 oyi yopiq muhitda o'tadi, qolgan ikki oy esa missiyaga tayyorgarlik va yakunlash ishlariga ajratiladi.

Tajriba davomida ko'ngillilar ikki xil muhitda yashaydi. Avval ular kosmik kemani eslatuvchi 60 kvadrat metrlik makonda "parvoz" sharoitini boshdan kechiradi. Keyin esa 84 kvadrat metrlik maxsus inshootda "sayyora yuzasi"dagi hayotni sinaydi — ekin yetishtiradi va qumli maydonda kosmik yurish mashqlarini bajaradi.

NASA bu tajriba orqali insonning uzoq davom etadigan kosmik sayohatlarga tayyorgarligini baholamoqchi.

    Boshqa yangiliklar

    NASA Marsda yashashni sinab ko'rish uchun ko'ngillilar qidirmoqda - Darakchi.uz