AsosiyDUNYO

Trump o‘zini TikTok’da “1-raqamli” deb atadi Aslida gap boshqacha ekan.

Ma'lumot uchun, Donald Tramp boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham katta auditoriyaga ega.

'Trump o‘zini TikTok’da “1-raqamli” deb atadi Aslida gap boshqacha ekan.'ning rasmi

AQSh Prezidenti Donald Trump bu hafta bir necha bor o‘zini TikTok platformasida "1-raqamli" deb atadi. Biroq uning bu bayonoti platformadagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega foydalanuvchi ekanini emas, balki jahon yetakchilari orasida eng mashhur akkaunt sohibi ekanini anglatshi ma’lum bo‘ldi.

Trump 6 iyul kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida TikTok’da birinchi o‘rinda turganini aytdi. Shuningdek, u amerikalik qo‘shiqchi Taylor Swiftni ortda qoldirganini ham iddao qildi.

Biroq 9 iyul holatiga ko‘ra, Trumpning TikTok’dagi rasmiy sahifasini 16,7 million kishi kuzatmoqda. Taylor Swift esa 33,5 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich Trump auditoriyasidan qariyb ikki baravar yuqori.

Platformadagi eng mashhur akkaunt esa senegallik va italiyalik blogger Xabi Leymga tegishli. Uni 162,3 million nafar foydalanuvchi kuzatadi. Ikkinchi o‘rinda esa 159,2 million kuzatuvchi bilan amerikalik blogger Charli D’Amelio joylashgan.

"Men birinchi raqamli edim. Bu san’atkorlarning barchasi 27–29-o‘rinlarda. Bu aql bovar qilmaydi. O‘zim ham tushunmayman, ammo bu mening fikrlarim odamlarga yetib borayotganini anglatadi", degan Trump 8 iyul kuni NATO sammiti doirasidagi chiqishlaridan biri vaqtida.

5 iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan xabar esa Prezidentning mazkur gapiga oydinlik kiritdi. Unda TikTok bosh direktori Shou Zi Chyu Trumpni platformadagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega jahon yetakchisi sifatida tabriklagani ma’lum qilingan. Oq uy vakillari ham mazkur masala yuzasidan so‘ralgan izohda aynan shu xabarga ishora qilgan.

CNBC tahliliga ko‘ra, Donald Trump haqiqatdan ham TikTok’dagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega davlat rahbari hisoblanadi. Undan keyin Salvador Prezidenti Nayib Bukele 12,9 million, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum 9,3 million va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 7,3 million kuzatuvchi bilan joylashgan.

Ayni paytda Xitoy Raisi Si Tszinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hamda Yaqin Sharqdagi qator davlat rahbarlarining TikTok’da rasmiy akkaunti mavjud emas. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa platformada 1,5 million kuzatuvchiga ega.

AQSh ichki siyosatida Trumpning 2024 yilgi prezidentlik saylovidagi raqibi, sobiq vitse-prezident Kamala Harrisning TikTok’da 10,1 million kuzatuvchisi bor. Sobiq prezidentlar Barak Obama va Jo Baydenning esa mazkur platformada rasmiy sahifasi yo‘q.

Trumpning TikTok sahifasida asosan Oval kabinetdan turib davlat siyosati, tashabbuslar va qarorlar haqidagi qisqa videomurojaatlar joylanadi. Ayrim roliklar hazilomuz mazmunda ham bo‘ladi. Jumladan, 26 may kuni e’lon qilingan videolardan birida u demokratlarni nima uchun "Dumocrats" deb atashini hazil tarzida izohlagan.

NATO sammitida Trump TikTok’dan AQShning yutuqlari va "kommunizm qanchalik yomon ekani" haqida gapirish uchun ham foydalanishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Donald Trump boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham katta auditoriyaga ega. Uning X tarmog‘ida 111,7 million, Instagram’da 44 million va Truth Social platformasida 12,9 million kuzatuvchisi mavjud.

    Boshqa yangiliklar