Farg'ona viloyatining Uchko'prik tumanida "1xBet" qimor platformasiga noqonuniy ravishda pul o'tkazib berish bilan shug'ullangan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Farg'ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Uchko'prik tumani Ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan "Xavfsiz va sog'lom yurt" oyligi doirasida o'tkazilgan tezkor tadbirda 1978 yilda tug'ilgan fuqaroning qonunga xilof faoliyati fosh etilgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, u "PAYNET" to'lov shaxobchasi orqali 400 ming so'm miqdoridagi pul mablag'ini qabul qilib, uni "1xBet" platformasiga o'tkazib bergan.
Qayd etilishicha, tezkor tadbir davomida foydalanilgan pul mablag'lari hamda mobil qurilmalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






