Toshkent shahrida tez tibbiy yordam brigadasi tug‘ruqxonaga yetib bormasdan homilador ayolning tug‘rug‘ini qabul qildi. Natijada 3900 gramm vaznli qizaloq dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 13 iyul kuni soat 06:50 atrofida sodir bo‘lgan. Respublika tez tibbiy yordam markazi brigadasi Yangihayot tumanidagi 1-son tug‘ruq kompleksiga yo‘l olgan vaqtda 22 yoshli homilador ayolda shoshilinch tug‘ruq boshlangan.
Tug‘ruqni Respublika tez tibbiy yordam markazi feldsheri Rustam Saidazimov qabul qilgan. Natijada og‘irligi 3900 gramm bo‘lgan qizaloq sog‘-omon dunyoga kelgan.
Shundan so‘ng ona va chaqaloq Yangihayot tumanidagi 1-son tug‘ruq kompleksiga yetkazilgan. Qayd etilishicha, ayni paytda ularning sog‘lig‘i yaxshi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rustam Saidazimov besh yillik mehnat faoliyati davomida uchinchi marta tez tibbiy yordam avtomashinasida shoshilinch tug‘ruqni muvaffaqiyatli qabul qildi.






