AsosiyJAMIYAT

Jasurbek Jaloliddinov rasman "Navbahor" futbolchisiga aylandi

Klub matbuot xizmatiga bergan ilk intervyusida Jaloliddinov "Navbahor" taklifini ikkilanmasdan qabul qilganini aytdi.

'Jasurbek Jaloliddinov rasman "Navbahor" futbolchisiga aylandi'ning rasmi

O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Jasurbek Jaloliddinov faoliyatini Namanganning "Navbahor" klubida davom ettiradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 24 yoshli hujumkor yarim himoyachi bilan shartnoma imzolangan. Biroq kelishuvning moliyaviy shartlari va muddati ochiqlanmagan.

Jasurbek Jaloliddinov faoliyati davomida "Bunyodkor", Moskvaning "Lokomotiv", "Tambov", Toshkentning "Lokomotiv", Qozog'istonning "Qayrat", "Olimpik", "Neftchi", Ozarbayjonning "Sumg'ayit" hamda "So'g'diyona" klublari sharafini himoya qilgan.

Shuningdek, u O'zbekistonning U-17, U-20 va U-23 terma jamoalarida to'p surgan. Ayni paytda esa mamlakat milliy terma jamoasi a'zosi hisoblanadi.

Klub matbuot xizmatiga bergan ilk intervyusida Jaloliddinov "Navbahor" taklifini ikkilanmasdan qabul qilganini aytdi.

"Navbahor"dan taklif bo'lganida, buni ikkilanmasdan qabul qildim. Jamoa har doim eng yuqori maqsadlarni ko'zlaydi. Bu yerda ko'plab do'stlarim to'p tepadi, menga yaxshi tanish bo'lgan murabbiy bilan ishlash imkoniyati ham bor. Eng muhimi, "Navbahor" muxlislari yurtimizdagi eng faol va sadoqatli muxlislardan. Ishqibozlar to'la stadionda o'ynash har bir futbolchiga alohida ruh bag'ishlaydi. Namanganga shunchaki futbol o'ynash uchun kelmadim. "Navbahor" bilan ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritib, muxlislar qalbidan joy olishni istayman", dedi futbolchi.

Eslatib o'tamiz, bundan avval O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abdulla Abdullayev ham "Navbahor" safiga qo'shilgan edi.

    Boshqa yangiliklar