Argentina vitse-prezidenti Viktoriya Vilyarruel 2026 yilgi futbol bo'yicha Jahon chempionati yarim finalida bo'lib o'tadigan Angliya – Argentina uchrashuvi arafasida keskin bayonot bilan chiqdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida inglizlarni "qaroqchilarning avlodlari" deb atab, bo'lajak bahs futbol'dan ko'ra kengroq ma'no kasb etishini ta'kidladi.
"Biz qaroqchilarning avlodlariga qarshi maydonga tushamiz. Bu shunchaki navbatdagi o'yin emas. Men siyosiy jihatdan to'g'ri gapirishga yoki o'zimni tiyib turishga urinmayman. Inglizlarga qarshi bahs har doim futbol'dan ham kattaroq ma'no kasb etadi. Bu — Malvina orollari, bu — Diego Maradona, bu — Leo Messining so'nggi Jahon chempionati va bu — bosqinchilarni to'xtatish imkoniyati. Olg'a, Argentina! Biz so'nggi nafasimizgacha o'z haqqimizni talab qilamiz", deb yozdi Vilyarruel.
Ma'lumot o'rnida, Malvina orollari (Britaniyada Folklend orollari deb yuritiladi) yuzasidan 1982 yilda Argentina va Buyuk Britaniya o'rtasida qurolli mojaro yuz bergan. Urush oqibatida 649 nafar argentalik va 255 nafar britaniyalik harbiy halok bo'lgan.
Tarixiy raqobat va muxlislar o'rtasida ehtimoliy to'qnashuvlar xavfi sabab AQSh Federal qidiruv byurosi (FBI), FIFA hamda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida qo'shma yig'ilish o'tkazilib, mazkur uchrashuv "eng yuqori xavf" toifasiga kiritildi.
Vitse-prezidentning keskin bayonotidan farqli o'laroq, Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni sportni siyosat bilan aralashtirmaslik kerakligini ta'kidladi.
"Bu shunchaki futbol o'yini. Ko'p yillar avval sodir bo'lgan voqealarni bugungi sport bilan aralashtirmasligimiz kerak. Bu tariximizdagi juda achinarli davr bo'lgan va biz uni hurmat qilishimiz lozim", degan Skaloni matbuot anjumanida.
Angliya va Argentina o'rtasidagi yarim final uchrashuvi bugun, 15 iyul kuni AQShda bo'lib o'tadi. Ushbu bahs g'olibi finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag'lub etgan Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.






