Argentina milliy terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionatlari tarixida yarim final uchrashuvida maydonga tushgan eng keksa maydon o‘yinchisiga aylandi.
39 yosh-u 21 kunlik Messi 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finali doirasida Angliyaga qarshi kechgan bahsda asosiy tarkibda maydonga tushib, mazkur rekordni rasman o‘z nomiga yozdirdi.
Mazkur natija bo‘yicha avvalgi rekord 1958 yilgi Jahon chempionatiga tegishli edi. O‘shanda G‘arbiy Germaniya terma jamoasi vakili Frits Valter hamda Shvesiya futbolchisi Gunnar Gren yarim final bahsida 37 yosh-u 236 kunligida maydonga tushgan.
Biroq Jahon chempionati yarim finallarida ishtirok etgan eng keksa futbolchi bo‘yicha mutlaq rekord sobiq Angliya terma jamoasi darvozaboni Piter Shiltonga tegishli. U 1990 yilgi mundial yarim finalida 40 yoshida maydonga tushgan edi.
Shuningdek, Messi Angliyaga qarshi uchrashuvda Argentina terma jamoasining har ikki goliga ham gol uzatmani amalga oshirdi va bahsning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu uning 2026 yilgi Jahon chempionatida beshinchi marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilishi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Argentina yarim finalda Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, mundial finaliga yo‘llanma oldi. 19 iyul kuni AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Ist-Raterford shahrida bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi bahsda argentinaliklar Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Ispaniya esa yarim finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.






