Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida qalbaki aktsiz markalari bilan muomalaga kiritilgan alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug'ullangan shaxs fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Paxtachi tumani bo'limi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir davomida “I.T.” MChJ rahbari B.Q. tuman hududidagi “Sultonobod” dehqon bozorida joylashgan savdo do'konida kelib chiqishi hamda sifati tasdiqlanmagan alkogol mahsulotlarini sotuvga qo'ygani aniqlangan.
Tekshiruv davomida umumiy qiymati 53 million 100 ming so'm bo'lgan, 47 turdagi 1 599 dona qalbaki aktsiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olib qo'yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aktsiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish) hamda 186¹-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






