O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo tufayli ayrim temir yo‘l yo‘nalishlarida poezdlar harakati tezligiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda "Temiryo‘lekspress" AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur chora yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda yuqori harorat sharoitida temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlab qolish maqsadida ko‘rilmoqda.
Shu munosabat bilan ayrim poezdlar belgilangan manzillarga jadvalda ko‘rsatilgan vaqtdan kechroq yetib kelishi mumkin.
Kompaniya yo‘lovchilardan yuzaga kelishi ehtimol bo‘lgan kechikishlarga tushunish bilan munosabatda bo‘lishni so‘rab, mazkur vaqtinchalik cheklovlar eng avvalo harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.






