Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan avtomobil gaz quyish shoxobchasida propan saqlash rezervuari va uni tashuvchi maxsus avtomashina portlashi oqibatida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa haqidagi xabar 16 iyul kuni soat 22:46 da kelib tushgan. Voqea M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan avtogaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borib, yong‘inni bartaraf etgan va vaziyatni to‘liq nazoratga olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida uch kishi tan jarohati olgan. Ular shifoxonaga yetkazilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda hodisa sabablari aniqlanmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.






