Bugun, 17 iyul kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan transformator punktida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, soat 09:10 da Mirzo Ulug‘bek tumani, Olimlar ko‘chasida joylashgan transformator yonayotgani haqida FVBBga xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan. Yong‘in soat 09:28 da to‘liq bartaraf etilgan.
Aniqlanishicha, hodisa oqibatida transformator yongan va shikastlangan.
Ayni paytda tuman elektr tarmoqlari xodimlari tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q.






