Meksikaning Tinch okeani sohillari yaqinida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo'ldi. Hozircha qurbonlar va jiddiy vayrongarchiliklar haqida ma'lumot yo'q.
AQSh Geologiya xizmati ma'lumotiga ko'ra, yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 08:48 da Chyapas shtatidagi Puerto-Madero porti yaqinida, Gvatemala chegarasiga yaqin hududda qayd etilgan. Zilzilaning epitsentri aholi yashash punktidan taxminan 10 kilometr shimolda joylashgan.
Meksika Milliy seysmologiya markazi asosiy zilziladan so'ng 5,2 magnitudali takroriy yer silkinishi ham kuzatilganini ma'lum qildi.
Zilziladan keyin AQSh Milliy okean va atmosfera ma'muriyati epitsentrdan 300 kilometrgacha bo'lgan qirg'oq hududlari uchun tsunami xavfi haqida ogohlantirish bergan. Biroq taxminan bir soat o'tgach, ushbu ogohlantirish bekor qilingan.
Hodisadan so'ng Meksika hukumati xavfsizlik kuchlari va fuqaro muhofazasi xodimlarini hududga jalb qildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hozircha halok bo'lganlar, jabrlanganlar yoki jiddiy talofatlar qayd etilmagan.
Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari vaziri Raymundo Pedro Morales Anxeles ayrim plyajlarda tsunami ta'siri sabab dengiz sathi yarim metrgacha ko'tarilishi mumkinligini bildirib, aholini vaqtincha qirg'oq hududlaridan uzoqroq turishga chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, vaziyat to'liq nazorat ostida.
Shuningdek, Chyapas shtatining epitsentrga yaqin ayrim hududlarida ehtiyot chorasi sifatida aholi evakuatsiya qilingan. Mamlakatning janubi-sharqiy qismida esa zilzila jiddiy oqibatlarga olib kelmagani ma'lum qilindi.






