Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyozlardan foydalanish jarayoni endi elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu borada tegishli ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 iyuldagi qaroriga muvofiq, fuqarolar soliq imtiyozlarini rasmiylashtirish uchun Elektron soliq xizmatlari portali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali murojaat yuborishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, elektron ariza kelib tushganidan so‘ng soliq organlarining mas’ul xodimlari taqdim etilgan ma’lumotlarni mavjud axborotlar asosida o‘rganib chiqadi.
Murojaatlar uch ish kunigacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Jumladan, dastlab ikki ish kuni davomida ma’lumotlar tekshiriladi va natijasiga ko‘ra soliq imtiyozini qo‘llash yoki rad etish bo‘yicha xulosa tayyorlanadi.
Tayyorlangan xulosa fuqaroning Elektron soliq xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti yoki my.gov.uz orqali yuboriladi.
Agar murojaatni qanoatlantirish rad etilsa, fuqaro ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, yana qaytadan ariza topshirishi mumkin. Takroriy murojaat ham belgilangan tartib asosida ko‘rib chiqiladi.
Yangi tartib soliq imtiyozlarini olish jarayonini yengillashtirish, fuqarolar uchun qulaylik yaratish va ortiqcha qog‘ozbozliklarni kamaytirishga qaratilgan.






