AsosiyDUNYO

Tramp Kanadadagi yong‘inlar tutuni uchun yangi tariflar bilan tahdid qildi

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kanadadagi "bee’tiborlik" oqibatida AQSh har yili milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda.

'Tramp Kanadadagi yong‘inlar tutuni uchun yangi tariflar bilan tahdid qildi'ning rasmi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari sabab yuzaga kelgan tutun AQSh hududiga tarqalayotgani uchun Ottava hukumatini tanqid qildi. U mazkur holat ekologik va iqtisodiy zarar keltirayotganini ta’kidlab, Kanada tovarlariga qo‘shimcha tariflar joriy etish mumkinligini bildirdi.

Tramp Truth Social tarmog‘ida Kanada o‘rmonlarni samarali boshqarmayotganini aytdi va bu vaziyatni "qabul qilib bo‘lmaydigan" holat deb baholadi. U Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan bog‘lanib, muammoni hal qilish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini so‘rashini ma’lum qildi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kanadadagi "bee’tiborlik" oqibatida AQSh har yili milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda. Shu sababli u havo ifloslanishidan kelib chiqadigan iqtisodiy harajatlar Kanada mahsulotlariga qo‘llanilayotgan tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi.

Kanada tomoni esa mamlakat 2020 yildan buyon o‘rmonlarni himoya qilish va yong‘inlarning oldini olish ishlariga 12 milliard Kanada dollari yo‘naltirganini ma’lum qildi. Mamlakat rasmiylari AQSh bilan o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlik mavjudligini ta’kidladi.

Hozirda Kanadadagi yirik yong‘inlar asosan Ontario viloyatining shimoli-g‘arbiy qismida kuzatilmoqda. Yong‘inlar oqibatida yuz minglab gektar hudud zararlangan, minglab odamlar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tufayli o‘rmonlarning qurishi va yirik yong‘inlar ko‘payib borayotganini qayd etmoqda. AQShda ham yil boshidan buyon katta maydonlarda yong‘inlar qayd etilgan.

    Boshqa yangiliklar