Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nazorat chizig‘ining Jammu va Kashmirdagi Rajauri sektorida ikki soat davom etgan qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston harbiylari chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan shaxslarni to‘xtatishga harakat qilgan. Shundan so‘ng ikki tomon o‘rtasida taxminan ikki soat davom etgan otishma boshlangan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, bu 2025 yil may oyida Hindistonning "Sindur" harbiy operatsiyasi yakunlanganidan beri o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bilan bog‘liq ilk yirik hodisa hisoblanadi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik 2025 yil aprel oyida Jammu va Kashmirning Paxalgam hududida sodir etilgan teraktdan keyin kuchaygan edi. Shundan so‘ng Hindiston "Sindur" operatsiyasini boshlab, Pokiston hududidagi terrorchilik infratuzilmasiga zarbalar berganini ma’lum qilgan.
Oradan to‘rt kun o‘tib, tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Biroq keyinchalik Hindiston Quruklik qo‘shinlari rahbariyati zarurat tug‘ilsa, "Sindur 2.0" operatsiyasi o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.






