Turkiyaning Bursa shahrida baxtsiz hodisa oqibatida og‘ir jarohat olgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Z.N. ishlash maqsadida Turkiyaning Bursa shahriga borgan vaqtda uchinchi qavatdan yiqilib tushgan. U hodisadan so‘ng zudlik bilan tez tibbiy yordam orqali shifoxonaga olib borilgan va davolanish jarayoni boshlangan.
Hodisa haqida xabar topgan Bursa shahridagi o‘zbekistonliklar fuqaroga yordam ko‘rsatish maqsadida ko‘ngilli ravishda navbatchilik tashkil qilgan. Ular ayolning davolanishi va sog‘ayish jarayonida yaqindan ko‘maklashgan.
O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi tomonidan zarur tashkiliy ishlar amalga oshirilib, fuqaroning yurtiga qaytishi ta’minlangan.
Ayni paytda u O‘zbekistonga olib kelingan va yaqinlari bag‘riga qaytgan.






