Venesuelada 24 iyun kuni sodir bo'lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo'lganlar soni 5 069 nafarga etdi. Bu haqda mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma'lum qildi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, tabiiy ofat tufayli 16 740 nafar kishi turli darajada jarohat olgan, 17 907 nafar aholi esa uy-joysiz qolgan. Qutqaruv xizmatlari tomonidan 6 462 nafar inson topilgan, qariyb 37 ming nafar jabrlanganga tibbiy yordam ko'rsatilgan.
Zilzila mamlakatning bir qator hududlarida katta vayronagarchiliklarga sabab bo'lgan. Ma'lum qilinishicha, 190 ta bino butunlay vayron bo'lgan, yana 856 ta inshoot jiddiy zarar ko'rgan.
Mutaxassislar hodisani "seysmik duplet" sifatida baholamoqda. Dastlab magnitudasi 7,2 bo'lgan yer silkinishi qayd etilgan, oradan bir daqiqadan kam vaqt o'tgach esa 7,5 magnitudali ikkinchi kuchli zilzila sodir bo'lgan.
Birinchi zilzilaning epitsentri Karib dengizi sohilidagi Moron shahri yaqinida, Karakasdan taxminan 168 kilometr masofada joylashgan. Keyingi kuchli silkinish ham shu hududda qayd etilgan.
Venesuela rasmiylarining bildirishicha, halok bo'lganlarning asosiy qismi sohilbo'yi hududlariga to'g'ri keladi. Uy-joyidan ayrilgan minglab odamlar vaqtinchalik lagerlarga joylashtirilgan. Ayrim xalqaro tashkilotlar bu hududlarda ichimlik suvi va sanitariya sharoitlari bilan bog'liq muammolar borligini qayd etgan.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlarini moliyalashtirish maqsadida Venesuela hukumati Xalqaro valyuta jamg'armasidagi 346 million dollar mablag'ni yo'naltirgan.
Mamlakatda halok bo'lganlar xotirasiga etti kunlik milliy motam e'lon qilingan. Venesuela rahbariyati jabrlanganlar va halok bo'lganlar oilalariga hamdardlik bildirib, qutqaruv va tiklash ishlari davom etayotganini ma'lum qilgan.






