AsosiyJAMIYAT

Perudagi ikki zilzila oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Zilzilalar 19 iyul kuni kechqurun Xunin viloyatining Chupaka provinsiyasida, poytaxt Limadan taxminan 300 kilometr sharqda sodir bo‘lgan.

'Perudagi ikki zilzila oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Peruning Xunin viloyatida sodir bo'lgan ikki zilzila oqibatida kamida 6 kishi halok bo'ldi, 21 nafar fuqaro jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Fuqaro mudofaasi instituti ma'lum qildi.

Zilzilalar 19 iyul kuni kechqurun Xunin viloyatining Chupaka provinsiyasida, poytaxt Limadan taxminan 300 kilometr sharqda sodir bo'lgan.

Peru Milliy seysmologiya markazi ma'lumotiga ko'ra, birinchi zilzilaning magnitudasi 5,1, ikkinchisiniki esa 3,7 ni tashkil qilgan. Yer silkinishlari 24 va 18 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Yevropa–O'rtayer dengizi seysmologiya markazi birinchi zilzila magnitudasini 5,6 deb baholagan.

Peru Milliy fuqaro mudofaasi instituti rahbari Luis Vaskesning bildirishicha, dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 48 ta uy butunlay vayron bo'lgan, yana 18 ta uyga zarar yetgan. Tabiiy ofat taxminan 300 nafar aholiga ta'sir ko'rsatgan.

Zarar ko'rgan aholi punktlaridagi uylarning aksariyati xom g'ishtdan qurilgan. Hozirda qutqaruvchilar va yong'in xavfsizligi xizmatlari vayronalarni tozalash ishlarini olib bormoqda. Vayronalar ostida yana jabrlanganlar bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.

Zarar ko'rgan aholiga vaqtincha yashash uchun chodirlar ajratilmoqda.

Ma'lumot uchun, Peru Tinch okeanidagi "Olov halqasi" deb ataluvchi seysmik faol hududda joylashgan. Dunyodagi zilzilalarning aksariyati aynan ushbu mintaqaga to'g'ri keladi.

Avvalroq Meksikaning Tinch okeani sohillari yaqinida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo'lgani xabar qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar