Instagram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida alkogolli ichimlik reklamasini joylagan blogger N. Sobirov maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qoʻmita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama materiallarining amaldagi qonunchilikka muvofiqligi oʻrganilgan. Tekshiruvlar davomida bloggerning Instagram sahifasida alkogolli ichimlik reklamasi joylashtirilgani aniqlangan.
"Reklama toʻgʻrisida"gi qonunning 38-moddasiga koʻra, har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklarni reklama qilish taqiqlangan. Ayrim turdagi pivo va vinolarni reklama qilishga esa belgilangan talablarga rioya etilgan holda ruxsat berilgan.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, blogger taqiqlangan mahsulot reklamasini tarqatgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Tegishli hujjatlar sudga yuborilgan.






