AsosiyJAMIYAT

Xalqaro tajriba — raqobatbardosh muhandislar tayyorlashning muhim omili

Bugungi kunda muhandislik sohasida raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va innovatsion ishlab chiqarish jarayonlarini o'zlashtirgan mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda.

'Xalqaro tajriba — raqobatbardosh muhandislar tayyorlashning muhim omili'ning rasmi

Bugungi kunda muhandislik sohasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zlashtirgan mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu bois xalqaro akademik almashinuv dasturlari talabalarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Olmaliq davlat texnika instituti talabalari Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Sibir federal universitetida tashkil etilgan "Yozgi universitet – 2026" xalqaro tanlovda ishtirok etdilar. Tanlov asosida saralangan konchilik ishi va metallurgiya yo‘nalishi talabalari xalqaro muhitda ta’lim olish, xorijiy talabalar bilan tajriba almashish va zamonaviy bilimlarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ushbu tanlovda O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Braziliya, Ekvador, Misr, Chili  kabi dunyoning 20 davlatidan 430 nafar talaba ishtirok etdi.

Dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri "Tog‘-kon va metallurgiya majmuasida raqamli transformatsiya" kursi bo‘lib, unda talabalar geoaxborot tizimlari, raqamli modellashtirish, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish, sun’iy intellekt texnologiyalari hamda texnologik jarayonlarni simulyatsiya qilish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ProCAST va DEFORM-3D dasturlarida ishlash ko‘nikmalarini ham o‘zlashtirdilar.

Tanlov doirasida ishtirokchilar Rossiyaning yirik sanoat korxonalari — RUSAL Krasnoyarsk alyuminiy zavodi, Krastsvetmet va Krasnoyarsk gidroelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdilar. Amaliy tashriflar davomida ular raqamli boshqaruv, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, ekologik xavfsizlik va energiya samaradorligi sohasidagi ilg‘or yechimlarni o‘rgandilar.

Dastur doirasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish va taqdim etish bo‘yicha xalqaro hakaton ham tashkil etildi. Unda ODTI talabalari O‘zbekistonda barpo etilayotgan atom elektrostansiyasi samaradorligini oshirishga qaratilgan g‘oyalarini taqdim etdilar. Quvonarlisi, institut talabalari "O‘zYadro" jamoasi nomi bilan final bosqichida ham munosib ishtirok etib, xalqaro ekspertlar tomonidan “Eng ilg‘or loyiha” nominatsiyasi g‘olibi deb e’tirof etildi. Ushbu yutuq talabalarning innovatsion fikrlashi, jamoaviy ishlash madaniyati va xalqaro maydonda raqobatlasha olish salohiyatini yaqqol namoyon etdi.

Ta’lim jarayoni bilan bir qatorda madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan muloqot ishtirokchilarning dunyoqarashi va muloqot ko‘nikmalarini yanada boyitdi.

Xalqaro tanlovida ishtirok etish Olmaliq davlat texnika instituti talabalari uchun zamonaviy bilim, amaliy tajriba va xalqaro hamkorlik muhitini o‘zlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi. Bu kabi dasturlar raqobatbardosh, innovatsion fikrlaydigan va global mehnat bozori talablariga javob beradigan yangi avlod muhandislarini tayyorlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar