Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hukumatga mamlakatning umumiy davlat qarzini yalpi ichki mahsulotning 50 foizidan oshirmaslikni topshirdi. Bu haqda u 21 iyul kuni o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, 2020 yilga qadar Qirg‘izistonning tashqi qarzi mamlakat YaIMining qariyb 120 foiziga etgan. Hozirda esa bu ko‘rsatkich 39 foizni tashkil etmoqda.
Japarov mamlakatga jalb qilinayotgan kreditlar aniq loyihalarga yo‘naltirilayotgani va ulardan foydalanish qat’iy nazorat qilinayotganini aytdi.
"Bugun jalb qilingan har bir kredit avvalgi yillarda bo‘lganidek izsiz yo‘qolib ketmayapti", degan Prezident.
Uning qayd etishicha, qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar kelajakda sarflangan mablag‘larni mustaqil ravishda qaytarish imkonini berishi kerak.
Qirg‘iziston rahbari ayrim mamlakatlarda davlat qarzi YaIMning 100 foizidan oshib ketganini qayd etar ekan, mamlakat bu ko‘rsatkichni o‘zi uchun mezon qilib olmasligi kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, davlat qarzining eng yuqori miqdori YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi lozim.






