AsosiyJAMIYAT

Uzbekistan Airways kechikishlar va raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromadni boy beryapti – Prezident

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 untsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan.

'Uzbekistan Airways kechikishlar va raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromadni boy beryapti – Prezident'ning rasmi

"Uzbekistan Airways" marshrutlarning optimal tanlanmagani, reyslar orasidagi vaqtning uzoqligi va kechikishlar ko'pligi, keytering hamda texnik xizmat ko'rsatish sohalarida raqobat yo'qligi sababli 120 million dollar daromadni boy bermoqda. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ma'lum qilindi.

Yig'ilishda strategik korxonalar xarajatlari ham tanqidiy tahlil qilindi. Qayd etilishicha, avval tarmoqlar umumiy xarajatlarni foiz hisobida qisqartirib, mahsulot tannarxi pasaygani haqida hisobot bergan. Biroq bir birlik mahsulot tannarxi bo'yicha o'tkazilgan tahlil haqiqiy holatni ko'rsatib bergan.

Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 untsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan. Korxonaning jami xarajatlari o'tgan yilga nisbatan 6,2 trillion so'mga yoki 22 foizga ko'paygan.

"O'zbekiston metallurgiya kombinati"da po'lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4 foizga, "O'zkimyosanoat"da karbamid bo'yicha 11,1 foizga, ammoniyli selitra bo'yicha esa 8,3 foizga oshgan.

"Franklin Templeton" kompaniyasi IPOga chiqishi kerak bo'lgan 13 ta yirik kompaniya faoliyatini tahlil qilgani qayd etildi.

"Uzbekistan Airways" misolida yo'nalishlar optimal tanlanmagani, reyslar orasidagi vaqt uzoqligi va kechikishlar ko'pligi, keytering hamda texnik xizmat ko'rsatish sohalarida raqobat yo'qligi sababli 120 million dollar daromad boy berilayotgani ko'rsatib o'tildi.

Shuningdek, kelgusi 10 yilda energetika infratuzilmasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollar talab etilishi aytildi.

Ayni paytda tarmoqlardagi yo'qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo'yicha yetarlicha ish olib borilmayapti. Joriy yilning birinchi yarmida elekt energiyasi yo'qotishlari 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan.

Gaz tarmog'idagi yo'qotishlar esa 7,6 foizga, ya'ni 797 million kub metrga yetgan. Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo'shni davlatlarga nisbatan 1,5–2 barobar pastligi qayd etildi.

"Franklin Templeton" tahlillariga ko'ra, "Hududiy elektr tarmoqlari" kompaniyasining bozor qiymatini ikki barobarga oshirish mumkin.

Shuningdek, "Uzbekistan Airways" bozor qiymatini 40 foizga, "O'zbektelekom"nikini esa 50 foizga oshirish imkoniyati borligi aytildi.

    Boshqa yangiliklar