AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga fuqarolik maqsadlaridagi yadro dasturini rivojlantirish imkonini beruvchi 30 yillik hamkorlik kelishuvini ma'qulladi. Mazkur bitim qirollikka uranni boyitish imkoniyatini ham berishi mumkinligi sababli xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg'otmoqda. Bu haqda Zamon.uz ma'lum qildi.
Manbalarga ko'ra, kelishuv yaqin kunlarda rasman e'lon qilinishi kutilmoqda. Hujjat AQSH kompaniyalarining Saudiya Arabistonida yadro energetikasi dasturini rivojlantirishda ishtirok etishini nazarda tutadi.
Shuningdek, ikki davlat qo'shma tadqiqot o'tkazganidan so'ng Saudiya Arabistoni hududida uranni boyitish inshooti qurilishi ham mumkin.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, uranni boyitish texnologiyasi atom elektr stansiyalari uchun yoqilg'i ishlab chiqarishda qo'llaniladi. Biroq mazkur texnologiya yadro quroli yaratish yo'lidagi muhim bosqichlardan biri ham hisoblanadi.
Shu bois AQSHdagi qurolsizlanish tarafdorlari va ayrim qonunchilar kelishuv Yaqin Sharqda yadroviy qurollanish poygasini kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Xabarlarga ko'ra, bitimda AQSHning boshqa davlatlar bilan avval tuzgan yadroviy kelishuvlaridagi ayrim qat'iy cheklovlar mavjud emas. Jumladan, Saudiya Arabistoni uranni boyitish va yadro yoqilg'isini qayta ishlashdan voz kechishini kafolatlovchi "oltin standart" talabi hamda MAGATEning Qo'shimcha protokoli hujjatga kiritilmagan.
Shu sababli kelishuv AQSH Kongressida jiddiy muhokamalarga sabab bo'lishi kutilmoqda.
Saudiya Arabistoni uzoq yillardan buyon fuqarolik maqsadlaridagi yadro energetikasi dasturini yo'lga qo'yishga harakat qilib kelmoqda. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon avvalroq Eron yadroviy qurolga ega bo'lsa, Saudiya Arabistoni ham shunday imkoniyatni qo'lga kiritishga harakat qilishini bildirgan.
Tramp ma'muriyati esa mazkur kelishuv AQSHning iqtisodiy va strategik manfaatlariga xizmat qilishini ta'kidlamoqda.






