Jinsiy zo‘ravonlik va firibgarlikda ayblanayotgan, Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan uch nafar shaxs Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazgan.
Tadbirlar davomida Istanbul shahrida yashirinib yurgan xalqaro qidiruvdagi uch nafar shaxsning turgan joyi aniqlanib, ular qo‘lga olingan.
Jumladan, Samarqand viloyatida tug‘ilgan 28 yoshli shaxs jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan.
Buxoro viloyatida tug‘ilgan 34 yoshli shaxs esa firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan.
Toshkent shahrida tug‘ilgan 50 yoshli shaxs yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga e’lon qilingan edi.
Qo‘lga olingan shaxslar belgilangan tartibda O‘zbekistonga olib kelinib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.






