Rossiya Davlat dumasi mamlakat tashqarisida bo‘lib, sud tomonidan tayinlangan jazodan qochib yurgan shaxslarga nisbatan vaqtincha cheklov choralarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qonun mamlakat tashqarisida bo‘lgan va Rossiya Jinoyat kodeksining istalgan moddasi bo‘yicha sudlangan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jarimalarini to‘lamagan shaxslar ham cheklovlar doirasiga kiritiladi.
Jumladan, xorijiy agent sifatida faoliyat yuritish, “nomaqbul tashkilot” faoliyatida ishtirok etish, Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga yoki sanksiyalar joriy etishga chaqirish, shuningdek, Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirish” bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalarni to‘lamagan shaxslarga nisbatan ham choralar ko‘riladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bunday shaxslarning bank hisob raqamlari muzlatiladi. Ularga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotish taqiqlanadi. Ilgari berilgan litsenziya, ruxsatnoma va akkreditatsiyalar to‘xtatiladi.
Shuningdek, Rossiya hududida davlat xizmatlaridan foydalanish cheklanadi. Chet elda esa konsullik xizmatlari, jumladan, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, bitimlar, vasiyatnomalar va ishonchnomalarni tasdiqlash kabi xizmatlar ko‘rsatilmaydi.
Qonunning ikkinchi o‘qishida qo‘shimcha cheklovlar ham kiritildi. Xususan, banklar mazkur shaxslarning mobil ilovalar va veb-saytlardagi shaxsiy kabinetlariga kirishini bloklaydi. Bu esa ularning pul o‘tkazmalarini amalga oshirishini cheklaydi.
Bundan tashqari, ushbu shaxslarning daromadlari maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi. Mazkur hisobdan sud xarajatlari undirilishi mumkin.
Qonun rasman e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Ovoz berishdan oldin Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin mamlakatdan chiqib ketgan shaxslarni sudga kelib, aybini tan olishga chaqirdi.
“Gap mamlakatimizga zarar yetkazayotganlar haqida bormoqda. Bular ekstremistlar, Vatanga xiyonat qilganlardir. Ular yillar davomida davlatimizni yo‘q qilishga urinmoqda. Ular fashizmni oqlaydi, askar va ofitserlarimizni haqorat qiladi. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarda jazodan yashirinib yuribdi”, dedi Volodin.
Avvalroq Rossiyada sudlangan migrantlarga mamlakatda yashash taqiqlanishi va ularga fuqarolik berilmasligi haqida xabar qilingan edi.






