Buyuk Britaniya immigratsiya tizimini to‘liq raqamlashtirib, jismoniy immigratsiya hujjatlari o‘rniga elektron viza — E-Visa tizimini joriy qildi. Endi mamlakatga kirish yoki unda qolish huquqini tasdiqlovchi ma’lumotlar raqamli shaklda saqlanadi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati xabar berdi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, elektron viza immigratsiya maqomini tasdiqlash jarayonini soddalashtiradi. Shuningdek, hujjatlarning yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi yoki qalbakilashtirilishining oldi olinadi. Viza arizasi ma’qullanganidan so‘ng jismoniy immigratsiya hujjatini kutish yoki olib ketishga ham hojat qolmaydi.
Biroq ayrim holatlarda ariza topshiruvchidan biometrik ma’lumotlarni shaxsan topshirish talab qilinishi mumkin.
Viza olgan shaxslar Buyuk Britaniyaga safar qilishdan avval Buyuk Britaniya Viza va immigratsiya boshqarmasining shaxsiy onlayn kabinetiga kirib, elektron vizasi va immigratsiya ruxsatini tekshirishi kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab Buyuk Britaniya yangi viza oluvchilarga pasportga yopishtiriladigan visa vignette — viza stikerlarini berishni to‘xtatgan. Endi yangi ariza topshiruvchilarga faqat elektron viza rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, ariza topshiruvchi pasportini viza ariza markaziga topshirgan bo‘lsa, hujjat ariza ko‘rib chiqilayotgan vaqtda unga qaytariladi. Viza ma’qullangan taqdirda esa shaxs safardan oldin elektron vizasining Buyuk Britaniya Viza va immigratsiya boshqarmasidagi shaxsiy hisobida aks etganini tekshirishi lozim.






