Fiskal tahlillar instituti direktori o'rinbosari Dilsod Sultonov 1 foizlik soliq keshbeki tizimi o'z oldiga qo'yilgan maqsadga erishganini, endi esa uni saqlab qolish davlat budjeti uchun ortiqcha xarajatga aylanayotganini bildirdi.
Uning fikricha, mazkur tizim qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi.
Dilsod Sultonovning ta'kidlashicha, amaldagi keshbek mablag'larining katta qismi chek berish tartibi allaqachon yo'lga qo'yilgan yirik savdo va umumiy ovqatlanish tarmoqlariga to'g'ri kelmoqda.
"Keshbek to'lash tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi. Chunki pulning 80 foizi shundoq ham chek beradigan tashkilotlar — yirik supermarketlar va katta umumiy ovqatlanish shohobchalari mijozlariga to'g'ri kelyapti", — dedi u.
Uning so'zlariga ko'ra, 1 foizlik keshbek tizimini bekor qilib, fuqarolar o'rtasida yutuqli o'yin tashkil etish mumkin. Bunda hozirgi 20 million so'mlik chek limitini bekor qilish va lotereya asosida 200 million so'mlik avtomobil o'ynatish taklif etilmoqda.
"Yiliga 150 mln dollar sarflayapmiz"
Dilsod Sultonovning aytishicha, Fiskal tahlillar instituti davlat budjeti hisobidan har yili 150 million dollar sarflab, soliq to'lovchilarning 20 foizini nazorat qilishni samarali deb hisoblamaydi.
"Bu boshidan vaqtinchalik chora edi. Odamlarda chek so'rash madaniyatini shakllantirmoqchi edik. O'ylaymanki, bu samara berdi. Hozir soxta cheklarni o'tkazish va cheklarni sotish holatlari boshlandi. Yiliga 150 million dollar keshbek to'lanayapti. Bu 120 o'rinli 300 ta bog'cha degani", — dedi u.
Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun oziq-ovqat va tibbiy xizmatlar bo'yicha 12 foizlik QQSni qaytarish tartibi saqlab qolinadi.
Xususan, qo'y, mol va parranda go'shti, tuxum, o'simlik yog'i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar bo'yicha amalga oshirilgan xaridlarda odatdagi 1 foizlik keshbek o'rniga to'langan qo'shilgan qiymat solig'ining to'liq miqdori qaytariladi.
Dilsod Sultonovning ta'kidlashicha, ushbu imtiyoz tizimi maqsadli ishlayotgani sababli saqlab qolinadi, biroq soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olish holatlariga qarshi choralar kuchaytiriladi.
Institut ma'lumotlariga ko'ra, 2022 yilda 1 foizlik soliq keshbeki uchun 820 milliard so'm to'langan. 2026 yilda esa bu ko'rsatkich 1,8 trillion so'mga yetishi mumkin.
Shu bilan birga, 2026 yilda davlat budjeti hisobidan bog'chalar qurilishi uchun ajratilishi rejalashtirilgan mablag' 900 milliard so'mni tashkil etadi.
Avvalroq keshbek tizimidagi firibgarlik holatlari ham keng muhokama qilingan edi. Ma'lum bo'lishicha, ayrim shaxslar soxta korxonalar tashkil etib, mavjud bo'lmagan tovarlar bo'yicha elektron hisobvaraq-fakturalar va minglab fiskal cheklar rasmiylashtirgan. Natijada ular orqali davlatdan keshbek mablag'larini undirishga uringan.






