Farg‘ona shahrida fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish bilan tahdid qilib, undan pul talab qilgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona shahrida yashovchi ayol tanishining oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan shaxsiy ma’lumotlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan. Evaziga ushbu ma’lumotlarni oshkor qilmaslik uchun undan 3 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida ayol kelishilgan pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida fuqaroni kaltaqlab, uning shaxsiy hayotiga oid tasvirlarni tarqatish bilan qo‘rqitib, 8 million so‘m talab qilgan besh nafar yigit qo‘lga olingan edi.






